Dilobarni bir ko’rgandayoq yoqtirib qolgandim. O’qishga kirishdan oldin u bilan bitta o’quv markaziga qatnar edik. Ammo Dilobar meni tanimasdi. O’sha paytlar uning qaysi oliygohga kirmoqchi ekanligini surishtirib, men ham hujjatlarimni o’sha yerga topshirishga qaror qildim. O’shanda nega bunday qilganimni tushunmagandim. Vaqt o’tib Dilobarni jonimdan ortiq ko’rishimni tushundim. U esa menga har tong "salom” deyishdan nariga o’tmasdi. To’g’ri, o’zimniyam bir og’iz so’z qotishga tilim bormasdi.. Shu tariqa, uni zimdan kuzatishlarim, ich-ichimdan yonib-kuyishlarim, unga yubormay kitob ichiga berkitib qo’ygan maktublarim bilan 4 yilni ham o’tkazib yuboribman. Bitirish arafasida oyog’i kuygan tovuqdek tipirchilab qoldim. Axir bitirib ketsak, uni ko’rmayman! Buning ustiga uning ham uzatiladigan vaqti yetdi, Dilobardan ayrilib qolsam menga yashashning keragi yo’q! Shu o’ylar bilan har kuni unga aytajak izhorimni tayyorlab kelardimu, uning ko’zlariga ko’zim tushganda barini unutib qo’yardim. Ammo bir kuni… -Azamat, tashqariga chiq, Dilobaringni kimdir so’rab keldi!- sirlarimdan xabardor yaqin do’stim kapalagimni uchirib yubordi. Yuragimni ilk bora rashq azobi kemira boshladi, uchib ko’chaga chiqdim. Qarasam, dilobar bilan bir norg’ul-novcha yigit daraxt soyasida gaplashib turishibdi. Bilmagandek bo’lib, ular tomon yurdim va gaplariga asta quloq tutdim. -Axir aytdim-ku, Bahodir,nega tushunmaysiz, Siz bilan kinoga borishni istamayman. -Bir yildan beri ortingdan yuraman, Dili. Har gal rad etasan. Sabrimni sinamoqchimisan.? Yo’q endi menga baribir. Bugun sovchilarimga "xo’p” deysan. Qani, oldimga tush, kinoga boramiz. Nozlaring yetar endi! Jinim qo’zib ketdi. Hatto hech kim senirashga tili bormaydigan shunday muloyim va ma’sum qizga buyruq bergani nimasi! Do’q qilishi-chi! Asabim o’ynab ketdi. -Meni tinch qo’ying sizni yaxshi ko’rmayman. -Yaxshi ko’rasan. Qani, ayt, agar sevganing bo’lsa kelsin! Demak, yo’q! Birovga berib bo’pman seni! –yaramas yigit Dilobarning qo’llaridan ushlab tortganida chidab turolmadim. Shart borib yoqasidan oldim. Bo’yim uning yelkasidan kelib tursayam, bilaklarim kuchga to’la edi: uloqtirib yubordim. -Sen qayerdan paydo bo’lding, jo’jaxo’roz?- o’zini o’nglab olgan naynov menga yaqinlashdi. – Kimsan o’zing? Dilobar mendan ko’zlarini uzmay turardi. Dadillandim. -Men Dilobarni sevaman! – bu gapni shunday baqirib aytibmanki, hov naridagi kursdoshlarim ham baqa bo’lib qolishdi. – Sevgilimni tinch qo’y yo’qsa…. -Unda isbotla! – naynov mena o’dag’ayladi. – Qani sen bilan ketib ko’rsin-chi? Shunda shart Dilobarning qo’llaridan ushlab, uni olib ketdim. Xoliroq joyga kelib qarasam, ortimdan hech kim kelmayapti. Qiziq… Dilobar esa menga qarshilik qilmas, negadir jilmayib turardi. -Meni undan xalos qilish uchun atay qildingiz, rahmat, kursdosh, yordamingizni unutmayman! - Iye, bu nimasi? Naxot dardimni aytib ham "aytolmasam”? Yo’q, nima bo’lsa bo’lar, muhabbating uchun kurash, Azamat! -Yo’q, rost, sizni sevaman!-dedim, -mayli, balki menga ko’nglingiz yo’qdir, ammo unutmang, qachon, qayerda bo’lsayam, bu dunyoda sizni kutguvchi bir inson bor. Men sizni muhabbatizni bir umr kutaman…. O’sha kuni tilim tushmagur dilimdagilarni to’kib sochdi. Dilobar esa jimgina tingladi. Kunlar o’tib, biz ham oshiq- ma’shuqlarga aylandik. Dilobar esa meni yuz yildan buyon sevgandek edi go’yo. O’sha yili to’yimiz bo’ldi. Dilobardek mehribon qizga uylanayotganimdan shod bo’lib, to’yda savlat to’kib o’tirgandim, bir payt to’yda xizmat qilayotgan tanish yigitga ko’zim tushdi. Ha, ha o’sha , Dilobarga shilqimlik qilgan naynov-ku! Tag’in to’yda bir dilxiralik boshlagani kelgan bo’lmasin. G’azabim qo’zib, o’rnimdan turib ketayozgandim, Dilobar bilagimni chimdib o’tirg’izib qo’ydi. -Qo’ying, xafa qilmang, tag’in -Bu yerda unga nima bor? Darhol ko’zimizdan yo’qolsin! -Iloji yo’q… Amakivachchasining to’yida xizmat qilmasa uyat bo’ladi, - Dilobar kulib qo’ydi. Unga hayron bo’lgancha tikilib qoldim. To’y o’tgach, Dilobar menga barini aytib berdi. Aytishicha u yigit amakisining o’g’li ekan. Aslida Dilobar uni yoqtirishimni birinchi kursdayoq sezgan, aytolmay yurganimniyam bilarkan. Tilimga zabon bitishi va meni sinab ko’rish niyatida o’sha tomoshani uyushtirishgan ekan. Bundan sal jahlim chiqdiyu, ammo bu o’zimga foyda bo’lganini o’ylab, rafiqamni burnini chimdilab qo’ydim. Bahodir bilan esa hozir aka- ukadekmiz. Juda yaxshi yigit ekan. Ha, unga kelin topib beraman, deb va’da berib ham qo’ydim
Ответить
Дата: 13/07/2013 в 19:53